Bugun Toshkent shahrida jurnalistlar va blogerlar uchun OAVda OIV va OITS bilan bog‘liq mavzularni to‘g‘ri yoritish bo‘yicha trening o‘tkazildi. Tadbir Mass-media fondi tomonidan BMTning OIV/OITS bo‘yicha Qo‘shma dasturining O‘zbekistondagi ofisi va Respublika OITSga qarshi kurashish markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Treningdan ko‘zlangan asosiy maqsad mediada OIV bilan bog‘liq mavzularni to‘g‘ri yoritish orqali jamoatchilikning xabardorligini oshirish hamda OIV bilan yashovchi odamlarga nisbatan noto‘g‘ri munosabat va ijtimoiy stigmatizatsiyani kamaytirishga erishishdan iboratdir.
Tadbir doirasida OIV bilan yashovchi shaxslar o‘z hikoyalari bilan o‘rtoqlashdilar. Mazkur virus hukm emas, balki to‘laqonli hayot kechirishga to‘sqinlik qilmaydigan, nazorat qilinadigan infeksiya ekanligiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ishtirokchilarga 15 daqiqa ichida inson organizmida immunitet tanqisligi virusini aniqlash imkonini beruvchi tezkor test namoyish etildi.