Rasmiy murojaat

07 - May, 2022
Rasmiy murojaat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

 

O‘zbekistonda oxirgi yillar davomida gender siyosatini takomillashtirish bo‘yicha ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Mamlakatimiz xotin-qizlarni kamsitish va ularga nisbatan zug‘umning barcha turlaridan huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya qilishni nazarda tutuvchi barcha asosiy xalqaro shartnomalarga qo‘shildi. Gender masalasida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida", "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida", "Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida" va boshqalar shu kabi bir qator muhim qonun hujjatlari qabul qilindi.

Biroq, xalqaro tashkilotlarning gender sohasidagi hisobotlari ko‘rsatishicha, O‘zbekistonda hamon qator hal qilinmagan muammolar mavjud. Masalan, Xotin-qizlar kamsitilishining barcha shakllarini bartaraf etish bo‘yicha qo‘mita o‘zining O‘zbekistonga oid yakuniy kuzatuvlarida fuqarolarning gender masalasidagi nozik jihatlar to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish, OAVda kamsitilgan ayollar siymolarini targ‘ib qilmaslik, OAVni gender zo‘ravonlikka qarshi kurashga jalb qilish zarurligi to‘g‘risidagi tavsiyalarni yana bir bor takrorladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasida media mahsulotlarining gender ekspertizasi amalga oshirilmagani, OAVda ayollar va erkaklarning oila va jamiyatdagi o‘rni to‘g‘risida anʼanaviy qarashlar efirga uzatilayotgani, bosma va elektron OAVda ayollarning jamiyat rivojiga qo‘shgan hissasi yetarlicha yoritilmayotgani qayd etilgan.

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar nima uchun, shu jumladan, OAVda kamsitilgan ayollarning siymosini yaratmaslik borasida o‘z samarasini bermayotganini tushunish maqsadida biz — media hamjamiyatining befarq bo‘lmagan aʼzolari sizga O‘zbekistonda eʼlon qilinayotgan yangiliklar, efirga uzatilayotgan tok-shou va kino mahsulotlardagi ayollar obrazining mamlakat gender siyosati va xalqaro talablarga javob berish-bermasligini malakali gender eksperizasidan o‘tkazish va ushbu ekspertiza natijalarini taqdim etishingizni so‘rab murojaat qilyapmiz. 

Olingan ma’lumotlar asosida xotin-qizlarning roli va imkoniyatlarini yoritish, OAVda kamsitilgan ayol siymosini namoyish etish darajasini pasaytirish bo‘yicha  yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi. Mazkur loyihaning xalqaro majburiyatlar va O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilishi kutilmoqda.


Men, ___, O’zbekistonda eʼlon qilinayotgan yangiliklar, efirga uzatilayotgan tok-shou va kino mahsulotlardagi ayollar obrazining mamlakat gender siyosati va xalqaro talablarga javob berish-bermasligini malakali gender ekspertizasidan o‘tkazishni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidan so‘rab murojaat qilaman.
F.I.Sh. Izoh
Barchasi: 16
Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring