Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik Agentligi SDC bilan hamkorlikda hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ko‘magida “Jurnalist va blogerlarning huquqiy savodxonligini oshirish uchun mass-media sohasiga oid 100 ta dolzarb savollarga javoblar” loyihasini amalga oshirdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, shuningdek, ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish, jurnalistlarning kasbiy huquqlarini himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli qonunchilik bazasi yaratildi. Xususan, ushbu sohani yoki uning alohida qismlarini tartibga soluvchi 20dan ortiq qonun qabul qilingan. Ammo shuni e’tirof etish kerakki, hech bir tashkilot bunday hujjatlarning mohiyati va mazmuni bo‘yicha tushuntirish ishlarini tizimli ravishda olib bormaydi va bu yo‘nalishda o‘tkazilayotgan tadbirlar ko‘p hollarda bir martalik xarakterga ega bo‘lib, barcha manfaatdor jurnalistlarning ulardan foydalanish imkoniyati moliyaviy va vaqt jihatdan cheklangan. Shu bilan birga, tahririyati asosan turli kasb egalari bo‘lgan yoshlardan iborat nodavlat ommaviy axborot vositalari sonining yil sayin ortib borishi kuzatilmoqda. Bu borada huquqiy savodxonlik o‘z huquqlarini himoya qilish uchun ham, raqobatbardosh faoliyat uchun ham asosiy omil hisoblanadi. Mazkur loyiha, shuningdek, ommaviy axborot vositalarini tashkil etish istagida bo‘lgan, lekin OAVni ro‘yxatdan o‘tkazish va faoliyatini tashkil etish tartibini bilmaydigan, shuningdek, bu borada qaysi tashkilotga murojaat qilish kerakligi haqida aniq tasavvurga ega bo‘lmagan fuqarolar (blogerlar, tashabbuskor guruhlar) toifasiga ham mo‘ljallangan. Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi Nozima Davletova tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan, “Mass-media sohasiga oid 100 savol” loyihasi barchaning huquqiy ma’lumotlardan foydalanishini ta’minlashga qaratilganini ta’kidladi. — Ushbu loyiha uchun savollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliy tajribaga ega bo‘lgan jurnalist va blogerlardan to‘plangan. Uning asosiy maqsadi OAV xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish orqali milliy media loyihalarining mustaqilligini mustahkamlashga ko‘maklashishdan iborat”. Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi missiya rahbari o‘rinbosari, hamkorlik bo‘limi rahbari Rahel Bosh o‘ziga xos sharoitlarda faoliyat ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun huquqiy savodxonlik muhimligini ta’kidladi. 2 “Demokratiya so‘z erkinligiga bevosita bog‘liqdir. Lekin bunda nafaqat erkin gapira olish imkoniyati muhim, balki shuningdek ommaviy axborot vositalaridan kelayotgan kontent ishonchli, xolis va qonunga zid bo‘lmasligi ham zarur. Biz esa bu borada O‘zbekiston mass-mediasiga yordam berishdan mamnunmiz”. Loyiha doirasida to‘plangan barcha savollar “Legalmax” yuridik firmasi huquqshunoslari tomonidan umumlashtirilib, tizimlashtirildi hamda ularni o‘rganib chiqib, savollarga atroflicha javob berildi. Ma’lumotlarni izlash qulay bo‘lishi uchun barcha javoblar ommaviy axborot vositalari faoliyati, ularning faoliyatida qanday cheklovlar borligi, axborot olish kafolatlari, shaxsiy ma’lumotlardan foydalanish tartibi, mualliflik huquqi va boshqalarni o‘z ichiga olgan tematik bloklarga bo‘lingan. Javoblar bilan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining veb-saytida o‘zbek tilida - https://massmedia.uz/oz/projects/100- law-questions havolasi orqali, rus tilida – https://massmedia.uz/ru/projects/100-lawquestions havolasi orqali tanishishingiz mumkin. Ushbu material YouTube’da o‘zbek va rus tillarida mavjud. Bundan tashqari, yaqin vaqt ichida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan Android va iOS tizimlari uchun mobil ilova va Telegram boti ishga tushirilishi hamda ularga ushbu kontent joylashtirilishi ma’lum qilindi. Taqdimot yakunida O‘zbekiston media hamjamiyatini o‘ylantirayotgan dolzarb masalalar muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda milliy ommaviy axborot vositalarining faoliyat sohasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.