Virtual olamda o‘smirlarni himoya qilish: Yosh avlod xavfsizligini qanday ta’minlash mumkin
Bugungi kunda butun dunyoda yoshlarning internet makonidagi xavfsizligini ta’minlash muhim masalaga aylandi. Ijtimoiy tarmoqlar ko‘plab ijobiy imkoniyatlarni taqdim etadi. Ular orasida yangi do‘stlar orttirish, qiziqishlar bo‘yicha guruhlar tuzish, o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish imkoniyatlari mavjud.
Shu bilan birga, ular kiberbulling kabi ayrim xavflarga ham yo‘l ochadi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Tashqi aloqalar departamenti Tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishni axborot-tahliliy ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i Nozima Davletova, Meta kompaniyasining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlat siyosati bo‘yicha vitse-prezidenti Saymon Milner, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Akromjon Fozilov so‘zga chiqdi.
Saymon Milner o‘z nutqida Meta kompaniyasi yoshlar va o‘smirlar xavfsizligini ta’minlash uchun dunyo mamlakatlari bilan hamkorlik qilayotganini ta’kidladi.
"Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, har kuni uch milliardga yaqin odam ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 10 million kishini tashkil etadi. Shu bois internet makonidagi xavfsizlik muhim global muammolardan biriga aylandi. Kompaniyamiz ushbu masalani hal qilish uchun dunyoning bir qator davlatlari bilan muzokaralar olib bormoqda," - dedi Meta vitse-prezidenti.
Tadbir ishtirokchilari yoshlarda ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanish madaniyatini shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlarni muhokama qildilar. Xususan, Meta kompaniyasining Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi xavfsizlik siyosati bo‘yicha rahbari doktor Priyanka Bhalla ushbu kompaniya tomonidan o‘smirlarga nisbatan Instagram va Facebook platformalaridan foydalanish shartlariga kiritilayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbir doirasida o‘tkazilgan panel muhokamasida ishtirokchilar - davlat sektori, xalqaro tashkilotlar va jamoatchilik vakillari internet makon taqdim etayotgan imkoniyatlar, mavjud xavf-xatarlar, shuningdek, ularning oqibatlarini kamaytirish choralari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Farzandlariga ijtimoiy tarmoqlardan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatishda ota-onalarning roliga alohida e’tibor qaratildi.
So‘zga chiqqanlar yoshlarning internet xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarning oldini olish va samarali hal qilish uchun davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati, biznes, ta’lim sohasi vakillari, shuningdek, ota-onalar hamkorlikda harakat qiladigan ko‘p tomonlama yondashuv zarurligini ta’kidladilar.