Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda “Gender-sezgir jurnalistika” mavzusida davra suhbati o‘tkazdi.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining OAV erkinligi bo‘yicha vakili Tereza Ribeyro va Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi Nozima Davletova o‘z chiqishlarida gender-sezgir jurnalistika inson huquqlari va so‘z erkinligini ta’minlashning tarkibiy qismlaridan biri ekanini alohida ta’kidlashdi.
Davra suhbati davomida qizg‘in bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi. Ma’ruzachilarning har biri onlayn zo‘ravonlik holatlari haqida misollar keltirdi. Afsuski, butun dunyoda ayol jurnalistlar internetda zo‘ravonlikka uchrasa, ular ko‘pincha kasbini tark etadilar.
YXHT vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli davlat organlari, nodavlat sektor, diplomatik korpus, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar xalqaro tashkilotlar ekspertlari tomonidan tilga olingan salbiy holatlar sabablarini tahlil qilib, ularni oldini olish uchun zaruriy chora-tadbirlarni muhokama qilishdi.
Xulosa o‘rnida, davra suhbati ishtirokchilari jurnalist xotin-qizlarga nisbatan onlayn ta’qib va zo‘ravonlik jamiyatda hukm surayotgan noto‘g‘ri qarashlar sababidan yuzaga keluvchi muammolarning bir qismi ekanini hamda mazkur hodisalarga qarshi kurash jiddiy choralar ko‘rishni talab qilishini ta’kidladilar.