Termizda sud jarayonlarini OAVda yoritish bo‘yicha trening o‘tkazildi

22 - Avgust, 2024
judicial journalism - 1

2024-yilning 22-23-avgust kunlari Termiz shahrida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan kelgan OAV vakillari uchun sud jarayonlarini yoritish masalalariga bag‘ishlangan trening bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar sudlar va OAV o‘rtasidagi hamkorlik, guvohlar xavfsizligini ta’minlash, sud ishlarini yoritishda aybsizlik prezumpsiyasi tamoyiliga rioya qilish va boshqa mavzularni muhokama qildilar.


Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va "East-West Management Institute" xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va hamda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan "Sud-huquq tizimini mustahkamlash" loyihasi doirasida tashkil etildi.


Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – jurnalist va blogerlarning sudlar faoliyatini yoritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, shuningdek, ushbu mavzu bo‘yicha materiallar tayyorlashda yuzaga keladigan muammolarni hal etish bo‘yicha fikr almashishdan iboratdir.


"Sud-huquq tizimining ham, OAVning ham bosh tamoyili adolatni ta’minlashdir. Bunday treninglar orqali har ikki tomon ham qonunchilik jihatlarini, ham o‘z kasbiy faoliyatlarida rioya qilishlari shart bo‘lgan axloqiy qoidalarni yaxshiroq tushunishlari muhim. Bu sudlar va jurnalistlar o‘rtasida ishonchli munosabatlarni o‘rnatish uchun zarur," - dedi Mass-media fondi direktori Jahongir Azimov.


Treningda jurnalistlarning sud jarayonlarini yoritishda qanday ma’lumotlardan foydalanish huquqiga egaligi va bunday foydalanish chegaralari, ushbu mavzu bo‘yicha axborot materiallarini tayyorlashda axloqiy me’yorlarga rioya qilish hamda sud tizimi va OAV vakillari o‘rtasidagi hamkorlikning boshqa jihatlari muhokama qilindi.


"Oliy sud rahbariyati OAV bilan hamkorlikni yuqori baholaydi. Yagona talabimiz shundan iboratki, gazeta, jurnal, internet nashrlar va boshqa manbalarda e’lon qilinayotgan materiallar xolis va qonun hujjatlariga muvofiq yozilsin. Ularda uydirma va subyektiv baho bo‘lmasligi lozim, chunki bu jamoatchilikda noto‘g‘ri fikr shakllanishiga va butun sud jarayoniga zarar yetkazishiga olib kelishi mumkin," - dedi Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov.


Trening davomida sudlarning OAV bilan o‘zaro hamkorligining huquqiy asoslari, so‘z erkinligi va shaxsiy hayot daxlsizligi masalalari, jamoatchilik e’tiborini tortgan sud ishlarini yoritishning amaliy jihatlari kabi mavzular muhokama etiladi. Shuningdek, sud jurnalistikasida mazmunni tasvirlashning zamonaviy usullari va gender masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi. 


East-West Management Institute "Sud tizimini mustahkamlash" loyihasi direktori Sonya Prostran o‘z tabrik so‘zida sudyalar va OAV vakillarining mediasavodxonligini oshirish nafaqat sudlar faoliyatining shaffofligini ta’minlashga, balki ularning ishini OAVda yanada sifatliroq yoritishga xizmat qilishini ta’kidladi.


"...Bu amaldagi qonunchilikni hisobga olgan holda OAV bilan o‘zaro hamkorlik qilishning samarali tizimini shakllantirishga, sud ishi yuritishning mohiyatini ochib berishga e’tibor qaratgan holda sud tizimi faoliyati to‘g‘risidagi axborot materiallarining sifatini oshirishga imkon beradi. Shuningdek, sudlar faoliyatiga oid e’lon qilingan, shu jumladan tanqidiy mazmundagi materiallar yuzasidan jurnalistlar va aholi bilan teskari aloqani ta’minlash ishlarini tashkil etish ham muhimdir," - deya qo‘shimcha qildi u.


Treningning maxsus bo‘limi haqiqiy sud majlislarini OAVda yoritish misollariga asoslangan o‘yin-simulyatorlar shaklidagi amaliy mashg‘ulotlarga bag‘ishlanadi.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring