Mass-media fondi va Shveytsariya Konfederatsiyasining Oʼzbekistondagi elchixonasi oʼrtasida imzolangan shartnoma asosida jurnalistlarning huquqiy savodxonligini oshirish boʼyicha loyiha oʼz ishini boshladi.
Mass-media fondi va Shveytsariya Konfederatsiyasining Oʼzbekistondagi elchixonasi oʼrtasida imzolangan shartnoma asosida jurnalistlarning huquqiy savodxonligini oshirish boʼyicha loyiha oʼz ishini boshladi. Shveytsariya elchixonasining Xalqaro hamkorlik byurosi rahbari Raxelь Boesh jurnalistlarning huquqiy savodxonligini oshirish va soʼz erkinligini himoya qilish sohasida qonunchilikni qoʼllash amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan loyihaning ahamiyatli va dolzarb ekanini qayd etdi.
Bir necha bosqichdan iborat loyiha jurnalistlar huquqlarini himoya qilish va masʼuliyatli jurnalistikani rivojlantirish sohasidagi huquqiy masalalar boʼyicha zarur maʼlumotlarni taqdim etuvchi qulay onlayn-platformani yaratishni oʼz oldiga maqsad qilib qoʼygan.
"Jurnalistlarning huquqiy savodxonligi — ular huquqlarini himoya qilish yoʼlidagi muhim qadamdir. Аynan ushbu savodxonlik orqali mass-media sohasiga oid qonunchilik talablarining ogʼishmay bajarilishini taʼminlash mumkin. Bu esa, oʼz navbatida, soʼz erkinligini mustahkamlashga koʼmaklashadi. Qonunchilikni qoʼllash amaliyoti katta ahamiyatga ega, agar bu amaliyot toʼliq taʼminlanmasa, hech bir, hatto eng mukammal qonun ham, toʼliq kuch bilan ishlay olmaydi”, – deya taʼkidladi Mass-media fondi direktori Nozima Davletova.