Mass-media fondi, O‘zJOKU, hamda Milliy media birlashmasi “Media Job Fair – 2025” – media sohasidagi mehnat yarmarkasini o‘tkazishdi
2025-yil 29-aprel kuni “Media Job Fair – 2025” – media sohasidagi mehnat yarmarkasi o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda Milliy media birlashmasi tomonidan tashkil etildi.
Tadbirda ish beruvchilar sifatida 30 dan ortiq tashkilot vakillari ishtirok etdi. Ular orasida xususiy va davlat OAVlari, vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari, shuningdek, korporativ sektor vakillari bor edi.
Mutaxassislar zamonaviy media-muhit yangi texnologiyalar, axborotni uzatishning innovatsion usullari va onlayn platformalarning rivojlanishi ta’sirida tez sur’atlar bilan o‘zgarayotganini ta’kidladilar. Bu esa media bozori ishtirokchilaridan moslashuvchanlik va ijodkorlikni talab qiladi. Shu sababli media sohasidagi bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu kabi tadbirlar media sohasi yetakchilari bilan tanishish, sohaning rivojlanish yo‘nalishlari bilan tanishish hamda ish beruvchilar bilan ish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Media sohasida zamonaviy qarashlarga ega bo‘lgan iste’dodli va shijoatli yosh kadrlarga katta talab bor. Yarmarkadan ko‘zlangan maqsadlardan biri bu yangi g‘oyalar va zamonaviy raqamli ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yosh jurnalistlar, muharrirlar va tahlilchilarni kashf etishdir. Yosh mutaxassislar jurnalistikada ilg‘or yondashuvlarni joriy etishga qodir.
Shuningdek, OAVlarga turdosh sohalardan - iqtisodiyot, fan, axborot texnologiyalari, san’at va madaniyat sohalaridan mutaxassislarni jalb etish ham g‘oyat muhim hisoblanadi. Sohalararo hamkorlik zamonaviy muammolarni chuqur tahlil qilishga hamda sifatli tahliliy materiallarni yaratishga yordam beradi.
Yarmarka doirasida respublikaning yetakchi OAVlari taqdimotlari, media sohasining yetakchi mutaxassislarining mahorat darslari va media sohasidagi dolzarb muammolar muhokamasi o‘tkazildi. E’tibor markazida jurnalistik materiallarni tayyorlashda tadqiqotning o‘rni va sun’iy intellektdan foydalanish istiqbollari masalalari bo‘ldi.
Media Job Fair - 2025 – media sohasidagi mehnat yarmarkasidan videolavha