JIDUda “The Asia Group” konsalting kompaniyasi boshqaruvchi direktori Jorj Chen nutq so‘zladi
2024-yil 6-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “The Asia Group” konsalting kompaniyasi boshqaruvchi direktori Jorj Chen ishtirokida “Sun’iy intellekt davrida ommaviy axborot vositalarining transformatsiyasi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.”
Tadbir Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti hamkorligida tashkil etildi.
“The Asia Group” konsalting kompaniyasi boshqaruvchi direktori, Meta/Facebook kompaniyasining sobiq mintaqaviy direktori, axborot texnologiyalari va media sohasida 20 yillik tajribaga ega Jorj Chen sun’iy intellektning (SI) yaratilish tarixi haqida gapirdi hamda SIni Meta kompaniyasiga integratsiya qilish bo'yicha shaxsiy tajribasi o‘rtoqlashdi.
“SIdan qo‘rqish emas, balki uni o‘rganish hamda turli sohalarni rivojlantirishda foydalanish kerak. Shuni yodda tutish kerakki, SI inson boshqaruvi ostida bo‘lishi kerak", - dedi J.Chen.
Jorj Chenning fikricha, sun’iy intellekt mavjud ma’lumotlar bazasi asosida javoblar berayotgani sababli, Markaziy Osiyo davlatlari media vakillari axborot makonini milliy kontent bilan to‘ldirishda faolroq bo‘lishlari zarur.
Shu bilan birga, Chen sun'iy intellektni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadigan global sammitlarda Markaziy Osiyo davlatlarining ishtiroki muhimligiga alohida e'tibor qaratdi.
Tadbirda, shuningdek, yoshlar va OAV vakillarining media savodxonligini oshirish bo‘yicha loyihalar bilan shug‘ullanuvchi "Faro Foundation" mintaqaviy NNT asoschisi Byambajargal Ayushjava raqamli savodxonlik haqida taqdimot bilan qatnashdi.
Mazkur tashrif doirasida Mass-media fondi va "Faro Foundation" o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.