Mass-media fondi strategik kommunikatsiyalar va ESG sohasidagi Buyuk Britaniya konsalting kompaniyasi Hudson Sandler bilan birgalikda 2023-yil 23-may kuni media sohasi mutaxassislari uchun seminarlar o‘tkazdi.
“Xalqaro biznes mediada O‘zbekiston haqida tasavvur – muammolarni boshqarish va imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish” mavzusidagi birinchi seminarda jurnalistlar va blogerlar qatnashdi. “Korporativ obro‘ni shakllantirish. Kommunikatsiya strategiyalari: tadqiqot, g‘oyalar, amalga oshirish” mavzusidagi ikkinchi seminar davlat idoralari va xususiy kompaniyalarning PR va IR mutaxassislari faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan.
Fond Vasiylik kengashi raisi Nozima Davletova tadbir avvalida trening ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, zamonaviy dunyoda ommaviy axborot vositalaridan nafaqat dolzarb voqealarni yoritish, balki tendensiyalarni shakllantirish borasidagi ishlar ham kutilayotganligini ta’kidladi:
“Fond mazkur treningni milliy ommaviy axborot vositalari xorijda media sohasida ro‘y berayotgan dolzarb tendensiyalar bilan tanishishi, o‘z faoliyatida professional bilim va tajribadan foydalanishi uchun tashkil etdi.”
Har ikkala seminarda ma’ruzachilar sifatida korporativ va moliyaviy kommunikatsiyalar sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan Hudson Sandler kompaniyasi mutaxassislari.
Hudson Sandler kompaniyasi vakili Charli Jek:
“O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar mamlakatda ishbilarmonlik jurnalistikasi rivojiga, kommunikatsiyalar sohasining shakllanishiga turtki berganini kuzatmoqdamiz. Kompaniyalar va davlat organlari jamoatchilik, investorlar va barcha manfaatdor tomonlar uchun ochilishni boshladilar. Biz Mass-media fondining professional kommunikatsiya va media muhitni shakllantirishdagi sa’y-harakatlariga o‘z hissamizni qo‘shmoqchimiz”.
Seminarlar amaliy misollar va holatlarni tahlil qilish (keys-stadi) shaklida o‘tkazildi va ularda korporativ aloqalar va OAV bilan ishlash usullariga oid ilg‘or tajribalar taqdim etildi.
Jurnalistlar va blogerlar ishtirokida o‘tkazilgan treningda so‘nggi paytlarda G‘arbdagi biznes OAVlari qanday o‘zgargani, ular hozirgi kunda qay tarzda ish olib borayotgani haqida so‘z yuritildi. Markaziy Osiyoni, xususan, O‘zbekistonni yoritish masalasi, yaxshi qurilgan kommunikatsiyalar yordamida mamlakat va biznesning jozibadorligini oshirish uchun qanday imkoniyatlar mavjudligi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Raqamli makonda ishlash, maqsadli auditoriya, ta’sir darajalari, investitsiyalarni jalb qilish kabi ommaviy axborot vositalari faoliyatining turli jihatlariga bag‘ishlangan holatlar atroflicha tahlil qilindi.
PR va IR mutaxassislari bilan bo‘lgan seminarda asosiy e’tibor korporativ obro‘ni shakllantirish, kommunikatsion strategiyani ishlab chiqishda va biznesni manfaatdor tomonlarga "sotish mumkin bo‘lgan" g'oyani shakllantirishda nimalarga e'tibor berish kerakligi, shuningdek, qanday qilib rejalashtirilgan narsalarni a’lo darajada amalga oshirish mumkinligi masalalariga qaratildi.
Bunda eng muhim elementlardan biri – bu samarali kommunikatsion strategiyasi ekanligi qayd etildi. Shuningdek, to'g'ri xulosalar chiqarish uchun qanday ma'lumotlarni to'plash va tahlil qilish kerakligini aniq tushunib olish kerakligi bildirildi. Shu bilan birga, amalga oshirilgan chora-tadbirlar samaradorligini o'lchash uchun samarali vositalarga ega bo'lish ham juda muhimligi ma’lum qilindi.
Haqiqiy misollar va holatlarni tahlil qilish orqali ishtirokchilar eng ko'p uchraydigan xatolar bilan tanishish imkoniga ega bo'ldilar. Bu, o‘z o‘rnida, ularga ushbu tajribani inobatga olish va o'z faoliyatida ushbu xatolarga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi.
Ma’lumot uchun: Hudson Sandler – bosh qarorgohi Londonda joylashgan xalqaro strategik aloqa va ESG konsalting kompaniyasi. Uning xodimlari xalqaro kommunikatsiya kampaniyalarini amalga oshirishda katta tajribaga ega. Hudson Sandler faoliyatining asosiy yo'nalishlaridan biri yirik biznesga korporativ moliya va barqaror rivojlanish sohasida, shuningdek, inqirozga qarshi loyihalarni amalga oshirishda maslahat berishdir. Shu munosabat bilan kompaniya ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlikda katta tajribaga ega va ommaviy axborot vositalari vakillarini axborotga qanday qiziqtirishi, OAVning o‘zi investorlarni qanday topishi va ta’sir doirasini kengaytirishi uchun vositalarni ishlab chiqqan.