2024-yil 14-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Iqlim o‘zgarishi: barqaror kelajakni shakllantirishda ommaviy axborot vositalari va ta’limning roli” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Tadbir Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi hamda Jahon iqtisodiyoti diplomatiyasi universiteti (JIDU) hamkorligida tashkil etildi. Unda JIDU va boshqa oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari va talabalari, milliy ommaviy axborot vositalari va xalqaro tashkilotlar vakillari hamda ekologiya faollari ishtirok etdi.
Davra suhbatidan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlar e’tiborini ushbu sohadagi mavjud ekologik muammolar, hozirgi va istiqboldagi xavf-xatarlar, ekologik inqirozga qarshi kurashish chora-tadbirlariga qaratishdan iborat bo‘ldi.
Suhbat davomida iqlim o‘zgarishi atrof-muhit va inson hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi dolzarb global muammo ekanligi qayd etildi. Uning oqibatlari inson salomatligiga ta’sir qilishi, ijtimoiy va iqtisodiy tizimlarga putur yetkazishi va atrof-muhit buzishi hamda “iqlim qochoqlari” sonining ko‘payishiga olib keladi.
Davra suhbatida iqlim bo‘yicha xalqaro ekspertlarning ma’ruzalari, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida aholini eng ko‘p tashvishga solayotgan masalalarga bag‘ishlangan eko-jurnalistlar va eko-faollarining taqdimotlari hamda BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP-28) natijalari muhokama qilindi.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston va mintaqada iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va unga moslashish bo‘yicha o‘z qarashlarini bildirdi.
Mazkur davra suhbatining muhim jihati - bu iqlim bo‘yicha mutaxassislar va universitet talabalari o‘rtasidagi bevosita muloqot bo‘lib, ular ushbu dolzarb mavzu bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olish imkoniga ega bo‘ldilar.