Bugun Toshkentda “Jurnalist etikasi va OAVning o‘zini o‘zi boshqarish mexanizmlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori tomonidan tashkil etildi. Unda milliy va xorijiy jurnalistlar, blogerlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalqaro tashkilotlar, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik missiyalar vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatidan ko‘zlangan maqsad jurnalist etikasining zamonaviy jamiyatda tutgan o‘rnini muhokama qilish, xorijiy mamlakatlarda ommaviy axborot vositalarining o‘zini o‘zi boshqarish tajribasi bilan tanishish, O‘zbekistonda jurnalist va blogerlar o‘rtasida kasbiy etikani mustahkamlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iboratdir.
Jurnalistik faoliyatga doir tashkilotlar va birlashmalarining kasbiy standartlar va axloq kodeksini shakllantirishdagi roliga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar jurnalistlarga o‘z faoliyatini mustaqil nazorat qilish va uning axloqiy me’yorlarga mos kelishini ta’minlash imkonini beruvchi o‘zini o‘zi boshqarish mexanizmlarini yaratish muhimligini ta’kidlashdi.
Bundan tashqari, mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, jurnalist va blogerlarni huquqiy himoya qilish masalalari, shuningdek, noto‘g‘ri ma’lumotlar va soxta xabarlar tarqalishi bilan bog‘liq muammolar muhokama qilindi.
Tadbir davomida O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarining o‘zini o‘zi boshqarish mexanizmlarini yaratish va ularni kuchaytirish, jumladan, amaldagi jurnalistik etika kodeksini yangilash va jurnalistlar malakasini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Jurnalistika to‘liq standartlashtirish va tartibga solish qiyin bo‘lgan faoliyat turi ekanligi, shu bois jurnalistlarning kasbiy mahorati va axloqiy qarashlariga alohida e’tibor berish zarurligi ta’kidlandi.