Mass-media fondida Fransiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda fond direktori Nozima Davletova, direktor muovini Gulruxsor Xatamova, xalqaro bo‘limning bosh mutaxassisi Ella Jahangirovalar ishtirok etdi. Fransiya elchixonasi nomidan elchixonaning birinchi maslahatchisi Maksim Jerenjer, matbuot attashesi Yuber-Feliks Delattr va texnik hamkorlik bo‘yicha masʼul, Kampyus Frans agentligining vakili Mayeva-Loren Godar ishtirok etdi.
Bu fond va Fransiya elchixonasi vakillarining birinchi uchrashuvi edi. Xorijlik mehmonlar mass-media fondining faoliyati, amalga oshirilayotgan va istiqboldagi loyihalari haqida batafsil maʼlumotga ega bo‘ldi.
Ikki tomon hamkorlik va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi. Maksim Jerenjer O‘zbekistonda OAV islohotlarini qo‘llab-quvvatlash, milliy mass-media mutaxassislarining kasbiy malakasi va huquqiy savodxonligini oshirish imkoniyatlarini tashkil etish kabi yo‘nalishlarga eʼtiborni qaratishni taklif qildi. Xususan, buni almashinuv dasturi va o‘quv treninglari orqali, shu jumladan Fransiya axborot agentliklari va jurnalistlar malakasini oshirishga ixtisoslashgan markazlar mutaxassislarini jalb qilgan holda amalga oshirish mumkin.
Shuningdek, gender masalalari — ayollar huquqlarini mustahkamlash bo‘yicha hamkorlik qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Fransiya tomonining qiziqishini uyg‘otgan yana bir istiqbolli yo‘nalish – "Kungil ko‘zi" xayriya loyihasi doirasidagi faoliyat bo‘ldi.
Tomonlar tanlangan yo‘nalishlarni amalga oshirish uchun texnik masalalarni ishlab chiqishga kelishib oldi.