Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi onlayn formatda bo‘lib o‘tdi
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi qoshidagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi onlayn formatda bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda NemolchiUz veb-sayti bilan yuzaga kelgan holat ham muhokama qilindi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan o‘tkazilgan monitoringda «Ne molchi» loyihasi saytida milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan hamda fuqarolarning, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan behayo materiallar joylashtirilganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid bo‘lgan ma’lumotlarni olib tashlash tavsiya etilgan holda xabarnoma kiritilgan.
Mazkur vaziyat keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilingani, xorijiy OAVlar hamda jamoat arboblari ham o‘z munosabatini bildirib o‘tganini inobatga olib, ushbu masala Jamoatchilik kengashi yig‘ilishining kun tartibiga kiritildi.
Holat yuzasidan Jamoatchilik kengashining barcha a’zolari o‘z munosabatlarini bildirishdi. Jumladan, axborot makonida qonunga xilof ma’lumotlar tarqalishini nazorat qilish va oldini olish davlat organining asosiy vazifalaridan biri ekanligi, ammo ma’lum bir materialni “milliy mentalitetimizga yot” deya baholash uchun aniq mezonlar belgilanmagani, bu esa amaliyotda monitoring qiluvchi tomonning shaxsiy qarashlariga bog‘liq bo‘lib qolishi mumkinligi, qadriyatlar so‘zda emas, amalda bo‘lishi kerakligi, bugungi axborot texnologiyalari va internet zamonida bolalar tarbiyasiga salbiy ta’sir qiluvchi materiallar bilan kurashishga oid munosabatlarni ham qayta ko‘rib chiqish va o‘zgartirish kerakligini ta’kidlashdi.
Shuningdek, muhokama jarayonida kelgusida AOKA qonun buzilishi holatlari yuzasidan bu kabi taqdimnomalarni kiritishda mamlakatdagi siyosat, so‘z erkinligi ustuvorligidan kelib chiqqan holda yondashib, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq vakillari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishi maqsadga muvofiqligi alohida qayd etildi.
Hozirgi holatda Jamoatchilik kengashi a’zolari deyarli bir ovozdan «Ne molchi» loyihasi muallifi Irina Matvienkoni qo‘llab-quvvatlashlarini hamda jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishni maqsad qilib qo‘ygan ushbu loyihani «18+» grifi ostida faoliyat olib borishi tarafdori ekanliklarini ta’kidlashdi.
Xulosa o‘rnida, axborot makonining barcha ishtirokchilari qonunlarga qat’iy rioya etishlar lozimligini ta’kidlagan holda, AOKA va «Ne molchi» loyihasini hozirgi murakkab sharoitda masalani konstruktiv, ya’ni o‘zaro muloqot yo‘li bilan hal qilishga, barcha tushunmovchiliklarga barham berib, hamkorlikda ishlashga chaqiramiz. Umid qilamizki, mazkur masala NemolchiUz foydasiga hal bo‘ladi.