«Qalampir» nashri muxbirining ochiq sud majlisiga kiritilmaganligi yuzasidan
22-yanvar kuni, «Qalampir» nashri muxbiri jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida bo‘layotgan ochiq sud majlisiga kiritilmaganligi haqida xabar e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasida sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishiga oid qoidalar belgilangan. Unga ko‘ra, barcha sudlarda jinoyat ishlari oshkora ko‘riladi, bundan davlat sirlarini qo‘riqlash manfaatlariga zid keladigan hollar, shuningdek jinsiy jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar ko‘rilayotgan hollar mustasno.
Sud zalida ovozlarni yozib olish, fotosuratga, videoyozuvga va kinotasvirga olishga faqat sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi, bu haqda tegishli ajrim chiqariladi.
Sudlarda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi prinsipini cheklaydigan qo‘shimcha talablarni joriy etish taqiqlanadi, bundan ushbu Kodeksda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollar mustasno.
Yuqoridagilardan kelib chiqadiki, ochiq sud majlislarida ishtirok etish uchun alohida ruxsat olish shart emas. Umumiy qoidaga ko‘ra, kasbidan qat’i nazar barcha shaxslar ochiq sud majlisida hech bir to‘sqinliksiz ishtirok etishga haqli, bu qoida jurnalistlar uchun ham amal qiladi. Agar jurnalistlar sud zalida audio, video yoki fotosuratga olmoqchi bo‘lsagina, sud majlisida raislik qiluvchining ruxsatini olish talab etiladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida «Qalampir» nashri muxbiri aynan jurnalist ekanligi ro‘kach qilinib, ochiq sud majlisiga kiritmaganligi O‘zbekistonda so‘z erkinligini yangi bosqichga olib chiqish uchun qilinayotgan islohotlar jarayonida bizni xavotirga soladi.
O‘zbekiston Respublikasining «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunining 5-moddasiga binoan, jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida sudlarning ochiq majlislarida hozir bo‘lish huquqiga ega ekanligini alohida ta’kidlagan holda, kelgusida bu kabi holatlar qaytarilmasligiga umid bildiramiz.
Milliy mass-mediani qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi