Kuni-kecha ommaviy axborot vositalari bilan sodir bo‘lgan ikkita voqea keng jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Xususan, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondiga Effect.uz nashri (OAV sifatida ro‘yxatdan o‘tish raqami №1323) murojaat yo‘llab, e’lon qilingan tanqidiy maqola sababli sayt faoliyati bir necha soatga to‘xtatib qo‘yilganligini ma’lum qildi. Fond mazkur holatga izoh berishni so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga murojaat yubordi.
Shuningdek, 21 aprel kuni Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida yashovchi jurnalist, «Ma’rifat» gazetasining viloyatdagi maxsus muxbiri Sharifaxon Madrahimovaga Uchko‘prik tuman hokimligi va tuman IIB xodimlari tomonidan bosim o‘tkazilgani haqida xabarlar tarqaldi. Fond ushbu masala bo‘yicha ham holatni qonun doirasida batafsil o‘rganib chiqishni hamda jurnalistga nisbatan bosim o‘tkazish holati aniqlangan taqdirda mutasaddilarga tegishli tartibda chora ko‘rilishini so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligiga murojaat yo‘lladi.
Shuni alohida ta’kidlamoqchimizki, Mass-media fondi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev boshchiligida matbuot va so‘z erkinligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi hamda barcha bo‘g‘inlardagi mutasaddilarni jurnalist va blogerlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan axborot olish va tarqatish huquqini hurmat qilishga chaqirib qoladi.