Mass-media fondi va YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hududlarda treninglar o‘tkazadi
“O‘zbekistonda OAVni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash" qo‘shma loyihasi doirasida Mass-media fondi va YEXHT 14 oktyabrdan 27 noyabrgacha respublikamizning barcha hududlarida jurnalistlar uchun ikki kunlik malaka oshirish treninglari o‘tkazadi.
Ishtirokchilar OAV sohasidagi milliy va xorijiy qonunchilik, jurnalist va blogerlarning huquq va majburiyatlari, oshkor etilayotgan maʼlumotlarning ijtimoiy ahamiyati va maxfiylik masalalari haqida dolzarb maʼlumotlarga interaktiv shaklda ega bo‘ladi. Fakt-cheking va uni amalga oshirish usullari, shuningdek, amaliy jurnalistikaning turli huquqiy jihatlari, noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlik va oqibatlarga alohida eʼtibor qaratiladi.
Trening ishtirokchilari maʼlumotlardan erkin foydalanishning huquqiy asoslari, qaysi maʼlumotlar omma uchun ochiq va qaysinisi maxfiy ekani, “shaxsiy maʼlumotlar” tushunchasiga nimalar kirishi, maxfiylik huquqi masalalarini batafsil muhokama qilishlari mumkin.
Ularga, shuningdek, voyaga yetmaganlar haqida maʼlumot tarqatishda qanday qoida va cheklovlar mavjudligi, dezinformatsiyani ajrata olish, diffamatsiya nima va uning xatarlarni baholash usullari tushuntiriladi.
Alohida blok jurnalistik etikaga hamda OAV va mediada mualliflik huquqi: boshqalar va o‘z kontentingiz bilan ishlash qoidalariga bag‘ishlanadi.