Yangi qonun loyihasi xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Muhokamada qonunga taklif etilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi. Anjumanda loyiha yuzasidan xalqaro va mahalliy mutaxassislar hamda ekspertlar tomonidan bir qator muhim takliflar o‘rtaga tashlandi.
Jumladan, muhokamada Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Xushnud Xudoyberdiyev so‘zga chiqib, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
“Sohaga oid qonunlar va qonunosti hujjatlari nihoyatda ko‘p. Asosiy qonunlardan tashqari Vazirlar Mahkamasi qarorlari, turli nizomlar, tartib-qoidalar bor. Ishlab chiqilayotgan qonun loyihalarida sohadagi barcha masalalar qamrab olinsa va sohaga oid yagona Kodeks qabul qilinsa maqsadga muvofiq bo‘lardi, deb hisoblayman. Bundan tashqari, qonun loyihasidagi havolaki normalardan voz kechilib, barchasi aniq-tiniq ko‘rsatib o‘tilishi zarur. Masalan, loyihaning 22-moddasida qaysi hollarda OAV faoliyati to‘xtatib turilishi mumkinligi sanalgan bo‘lib, ushbu modda oxirida «qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hollar» deya umumiy qoida ham kiritib ketilgan. Bu kabi havolaki, mavhum normalarni olib tashlash va mezonlarni aniq ko‘rsatib o‘tish lozim, deb hisoblayman”, - deya ta’kidladi X.Xudoyberdiyev.
Eslatib o‘tamiz, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi huzurida tashkil etilgan Jamoatchilik kengashining ilk yig‘ilishida kengash a’zolari sohaga oid bir nechta qonun va qonunosti hujjatlarini bitta kodeks sifatida birlashtirishni, ushbu masala yuzasidan katta tajribaga ega jurnalistlar, huquqshunoslar va ekspertlardan iborat ishchi guruh tuzishni taklif qilishgan edi. Bu borada tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.