2020-yil 2-fevral kuni Milliy mass−mediani qo‘llab−quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
Taqdimotda ta’kidlanganidek, Jamoat fondining asosiy maqsadi ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish hamda jurnalist va blogerlarning huquqlarini ro‘yobga chiqarishda ko‘mak berish, mamlakatda so‘z erkinligini mustahkamlashda jamoatchilik institutining rolini oshirishdir.
Taqdimotda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov so‘zga chiqib, fondning asosiy maqsad va vazifalari haqida gapirdi.
«Ushbu Fond jurnalist va blogerlarning huquqiy bilimlarini oshirish, ular manfaatlarini davlat organlari va hukumat oldida to‘liq himoya qilish, yordamga muhtoj OAVlarga moddiy yordam berish, O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligi ta’minlanishida bor imkoniyatlarini ishga soladi. Loyihalarni amalga oshirayotganda, Fond soha qonunlari va normalari real hayotga mosligi yoki mos emasligi yoki yetarli emasligi, kamchiliklarini aniqlashtirib, takomillashtirish uchun o‘z tadqiqotlarini olib boradi va o‘zi axborot sohasi ishtirokchisi sifatida turli tashabbuslar bilan chiqadi»
Komil Allamjonov
Shundan so‘ng, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva so‘zga chiqdi.
«Fikrimcha, mazkur fond nafaqat media sohasi uchun, balki butun fuqarolik jamiyati uchun muhim bo‘lgan tashabbus va loyihalar uchun yaxshi maydon bo‘ladi. Biz so‘z erkinligi va uning kuchiga ishonamiz. Biz aynan sifatli jurnalistika jamiyatning demokratik hayoti uchun zarurligiga ishonamiz»
Saida Mirziyoyeva
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Xushnudbek Xudoyberdiyev fondning istiqbolli loyihalari haqida ma’lumot berdi. Jumladan, «Mass-media co-working» markazlari, mass-media sohasida mavjud bo‘sh ish o‘rinlarining elektron platformasi, YouTube servisida o‘zbek video-blogerlar hamjamiyatini tuzish (UzVloger) va ular uchun zarur sharoitlarni yaratish, mass-media sohasiga ixtisoslashgan advokatlar va huquqshunoslar tayyorlashga alohida e’tibor berish hamda qiyin moliyaviy ahvolda qolayotgan bosma nashrlar transformatsiyasiga ko‘maklashish kabi loyihalar haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tildi.
Taqdimotda “Sahar” guruhining O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan jurnalist, bloger va mass-media vakillariga bag‘ishlangan qo‘shig‘i va videoroligining premyerasi bo‘lib o‘tdi.
Loyihalar taqdimotida YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Jon MakGregor, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘jayev va AnhorUz saytining bosh muharriri Lola Islamova so‘zga chiqdi.